Gruziya kuzda: baxmal mavsum, vino, festivallar va piyoda kezishga chorlaydigan shaharlar
Ba’zi mamlakatlarda kuz yuqori mavsum tugaganini bildiradi. Gruziyada esa hammasi qiziqroq: uch oy ichida mamlakatning kayfiyati bir necha bor o‘zgaradi. Sentyabrda Batumi hali dengiz bilan yashaydi, Kaxetiyada esa uzum yig‘imi — rtveli boshlanadi. Oktyabrda sayohat plyajlardan vinochilik xo‘jaliklari, shaharlar va o‘rmon yo‘llari tomon ko‘chadi. Noyabrda esa kamroq yo‘l yurib, Tbilisida ko‘proq qolgingiz, termal hammomlarga borib, mazali taomlar va rejaga bog‘lanmagan uzun oqshomlardan bahramand bo‘lgingiz keladi.
Shunday ekan, savol boshqacha: siz qanday Gruziyani ko‘rishni istaysiz — dengiz bo‘yidagi, vino mavsumidagi, tog‘li yoki shahar Gruziyasini?
📍Batumi: yoz bilan xayrlashishga hali erta
Sentyabrda Batumi hamon dengiz bilan yashaydi. Plyajda cho‘milishadi, bulvar bo‘ylab kechgacha sayr qilishadi, yoz tugashi bilan terassalar bo‘shab qolmaydi. Ammo odamlar kamayadi va nihoyat shaharning o‘zini ham bemalol tomosha qilish mumkin bo‘ladi.
Ertalabni dengizga bag‘ishlab, tushdan keyin Batumi botanika bog‘iga yo‘l olish mumkin. Ertasi kuni esa tog‘li Ajariyaga boring. Bir necha soat ichida palma daraxtlari o‘rnini o‘rmonlar, daralar, kichik qishloqlar va butunlay boshqacha taomlar egallaydi.
- Kuzda madaniy tadbirlar ham ko‘payadi. 2026-yil 19–26-sentyabr kunlari shaharda Batumi International Art-House Film Festival — BIAFF bo‘lib o‘tadi. Mualliflik filmlari faqat kinoteatrlarda namoyish etilmaydi: festivalning bir qismi shahar maydonlari va dengiz bo‘yida ham o‘tadi. Dasturda ijodkorlar bilan uchrashuvlar, mahorat darslari va seminarlar bor.
Kunduzi plyaj, kechqurun kino — sentyabr uchun yaxshi reja.
- Ajariyaning boshqa qiyofasini Gandagana festivali ko‘rsatadi. Tog‘li hududlardan kelgan ishlab chiqaruvchilar Batumiga pishloq, vino, shirinliklar, uy taomlari va hunarmandchilik buyumlarini olib kelishadi. Dasturda odatda musiqa va oshpazlik mahorat darslari ham bo‘ladi. 2026-yilgi aniq sanani safarga yaqinroq tekshirish kerak.
📍Tbilisi: kuzda piyoda kezgingiz keladigan shahar
Yozda Tbilisining jaziramasi kun tartibini belgilab qo‘yadi: ertaroq ko‘chaga chiqish, issiq paytni salqin joyda o‘tkazish, kechqurun yana sayrga qaytish. Kuzda bunday zarurat yo‘qoladi.
Shoshilmasdan Sololaki ko‘chalarini aylaning, eski hovlilarga mo‘ralang, Abanotubaniga tushing, keyin biror qahvaxona yoki vino barida uzoqroq qoling.
Tbilisi aynan shunday ochiladi: mashhur manzillar orasida shaharning kundalik hayotini ham ko‘rganingizda. Sentyabr oxirida bu hayot ayniqsa qizg‘in bo‘ladi.
- 25–27-sentyabr kunlari Tbilisi Youth Art Market o‘tkaziladi. Bu yerda yosh rassomlarning ishlari, san’at bozori va shaharning zamonaviy ijodiy muhiti bilan tanishish mumkin.
- 26–27-sentyabr kunlari esa Expo Georgia majmuasida Tbilisi Coffee Festival bo‘lib o‘tadi: mahalliy va xorijiy qahva qovuruvchilar, degustatsiyalar, baristalar chempionati, mahorat darslari, taomlar hududi va DJ chiqishlari.
Bugungi Tbilisi faqat balkonlar, xinkali va oltingugurtli hammomlardan iborat emas. Shaharda yosh ijodiy loyihalar, galereyalar, qahvaxonalar, kichik bozorlar va yangicha gastronomiya ham ko‘p.
📍Kaxetiya: vino mavsumining ichida bo‘lish
Kaxetiyada kuz ob-havodan ko‘ra atrofda bo‘layotgan ishlar orqali ko‘proq seziladi.
Sentyabrda rtveli — uzum yig‘imi boshlanadi. Bu aniq sanasi belgilangan bitta festival emasligini bilish muhim. Uzum pishganida terila boshlaydi, shuning uchun hatto qo‘shni xo‘jaliklarda ham yig‘im vaqti farq qilishi mumkin.
Ana shu paytda uzumzorlar shunchaki chiroyli manzara bo‘lmay qoladi.
- Oilaviy maranilarda uzum terimida qatnashish, uzum qanday qayta ishlanishini va vino qanday qilib kvevriga solinishini ko‘rish mumkin. Ko‘pincha dasturga churchxela tayyorlash, shoti noni yoki xinkali pishirish ham qo‘shiladi. Bir kunda beshta degustatsiyaga ulgurishga uringandan ko‘ra, bitta vinochilik xo‘jaligiga yarim kun ajratgan ma’qul.
- Kattaroq tadbirni istasangiz, oktyabrda Gurjaani Wine Festival bo‘lib o‘tadi. Bu yerda taniqli ishlab chiqaruvchilar va kichik oilaviy maranilar uchrashadi, kaxetiyacha taomlar tayyorlanadi, degustatsiya va mahorat darslari o‘tkaziladi. Hatto churchxela tayyorlashga bag‘ishlangan tataroba ham bor.
Ammo Kaxetiya festivalsiz ham ajoyib. Bu yerda kuzning eng muhim voqeasi baribir uzumzorlarning o‘zida kechadi.
📍Kazbegi: ba’zan manzilning o‘zidan ko‘ra yo‘l muhimroq
Tbilisidan odatiy shahar yo‘li bo‘ylab chiqasiz. Keyin Jinvali suv ombori, Ananuri, Gudauri paydo bo‘ladi — manzara asta-sekin kengayib, tog‘lar tobora ulug‘vor ko‘rina boshlaydi.
Kazbegini diqqatga sazovor joylar ro‘yxati bo‘yicha shoshilib aylanib chiqgingiz kelmaydi.
- Gergeti cherkoviga ko‘tariling. Kazbek bulutlar orasidan ko‘rinishini kuting. Vodiy bo‘ylab sayr qiling. Bir kechaga qoling.
Sentyabrda bu yerga sayr va tog‘ yo‘llarida piyoda yurish uchun bemalol kelish mumkin. Keyinroq rejalarni moslashuvchan tuzgan yaxshi: tog‘larda kuz Tbilisidagidan tezroq keladi, ob-havo esa bir necha soat ichida o‘zgarishi mumkin.
Tushetiya va baland tog‘li Svanetiyaga kech kuzda borishni alohida rejalashtirish kerak — ko‘p narsa yo‘llarning holati va ob-havoga bog‘liq bo‘ladi.
Keyin esa shunchaki o‘rmonga ketish mumkin
Kuzgi Gruziya faqat uzumzorlardan iborat emas.
📍Borjomi
Tbilisi va Kaxetiyadan so‘ng safar sur’atini o‘zgartirish uchun Borjomiga borish yoqimli. Yaqinda Borjomi-Xaragauli milliy bog‘i boshlanadi: bu yerda qisqa sayr yo‘laklari ham, uzoqroq piyoda marshrutlar ham bor. Kuzda o‘rmon asta-sekin sariq va malla ranglarga kiradi.
- Odatdagi marshrutlardan yanada uzoqlashishni istaganlar Rachaga e’tibor qaratishi mumkin. Tog‘lar, o‘rmonlar, Shaori ko‘li, mahalliy vino va ancha sokin muhit.
- Lagodexi, Satapliya, Kintrishi va G‘arbiy Gruziya kanyonlari ham bor. Faqat bu yerda mavsum bilan hisoblashgan ma’qul: ob-havo prognozi o‘zgarsa, marshrutni ham o‘zgartirish mumkin.
Baribir Gruziyaning katta qismi dasturxon atrofida kechadi
Muzeylar va safarlarni batafsil rejalashtirishingiz mumkin. Ammo kimdir issiq non, pishloq va yana bir taom olib keladi — shunda jadval asta-sekin ahamiyatini yo‘qota boshlaydi.
Kuzda bu ayniqsa oson.
Bozorlarda uzum, anor, xurmo, behi va yong‘oq paydo bo‘ladi. Yangi churchxela tayyorlanadi. Kaxetiyada taomlar vino va rtveli bilan chambarchas bog‘lanadi. Ajariyada esa odatdagi xachapuridan tashqariga chiqib, tog‘li hududlar taomlarini ham tatib ko‘rishga arziydi.
Tbilisining boshqa jihati ham qiziq: kichik vino barlari, zamonaviy gruzin oshxonasi va tanish retseptlarni yangicha talqin qiladigan maskanlar.
Ba’zan birgina uzoq tushlik yana bir ekskursiyadan ko‘ra ko‘proq taassurot qoldiradi.
Festivalga ulgurolmadingizmi? Hechqisi yo‘q
Gruziyada o‘zingiz uchun kichik bir voqeani osongina tashkil qilish mumkin.
- Kaxetiyada churchxela tayyorlang, non yoping yoki rtvelida qatnashing.
- Tbilisida White Studioning keramika mahorat darsiga boring.
- Ajariyada esa mahalliy xo‘jalikka yoki an’anaviy taomlar va hunarmandchilik bilan tanishtiradigan Chvana darasiga yo‘l oling.
Bunday bir necha soat ko‘pincha navbatdagi mashhur diqqatga sazovor joydan ham yaxshiroq esda qoladi.
Qachon borish kerak?
- Sentyabr — hammasidan oz-ozdan bahramand bo‘lishni istasangiz: Batumida dengiz, rtvelining boshlanishi, tog‘lar va shahar tadbirlari.
- Oktyabr — Kaxetiya, gastronomiya, kuzgi yo‘llar, Tbilisi va vino festivallari uchun.
- Noyabr — sokinroq sayohat uchun: Tbilisi, Borjomi, Sxaltubo, restoranlar, hammomlar va mamlakat bo‘ylab uzoq marshrutsiz qisqa safarlar.
Gruziya kuzining eng yoqimli tomoni, ehtimol, shunda: dengiz, vino, shahar va tog‘lar orasidan bittasini tanlash shart emas. Ammo bularning hammasini bir haftada ko‘rishga urinish ham kerak emas.
Ba’zan marshrutda bir kunni bo‘sh qoldirgan yaxshi.
Gruziyada uni qanday o‘tkazishni topish qiyin emas.
Baxmal mavsumda Gruziyaga aviachipta, mehmonxona yoki turni EASYBOOKING orqali o‘zingizga qulay sanalar va sayohat sur’atiga qarab tanlashingiz mumkin.

